24-modda. Normativ-huquqiy hujjat mazmuniga qoʻyiladigan talablar
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatning matni loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etiladi. Normativ-huquqiy hujjatda foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda qoʻllaniladi. Eskirgan hamda koʻp maʼnoni anglatadigan soʻzlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjatda uni amalga oshirishning huquqiy vositalari, shu jumladan moliyalashtirish manbalari, ragʻbatlantirish, mukofotlash va nazorat qilish chora-tadbirlari koʻrsatilishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning majburiyatlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatda ushbu majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralari, agar bunday choralar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan boʻlsa yoki alohida normativ-huquqiy hujjatda belgilanmasligi kerak boʻlsa, nazarda tutiladi.
Normativ-huquqiy hujjat uning qabul qilinishi sabablari va maqsadlariga oid tushuntirishni qamrab olgan muqaddimaga ega boʻlishi mumkin. Huquqiy normalar muqaddimaga kiritilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida huquqiy normalar tartib raqamiga ega boʻlgan moddalar koʻrinishida bayon etiladi. Moddalar qismlarga ajratilishi mumkin. Moddalarning qismlari bandlar, kichik bandlar va xatboshilarni qamrab olishi mumkin. Boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda huquqiy normalar tartib raqamiga ega boʻlgan bandlar tarzida bayon etiladi. Bandlar kichik bandlar va xatboshilarga ajratilishi mumkin.
Hajm jihatidan yirik normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunan yaqin boʻlgan moddalari (bandlari) paragraflar va boblarga birlashtiriladi. Zarur hollarda boblar boʻlimlarga va kichik boʻlimlarga birlashtirilishi mumkin. Boʻlimlar, kichik boʻlimlar, boblar va paragraflar sarlavhalarga ega boʻladi hamda raqamlanadi.
Zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatda yuridik, texnik va boshqa maxsus atamalar hamda tushunchalarning qisqacha taʼrifi beriladi, umum qabul qilingan qisqartmalar qoʻllaniladi va boshqa qisqartmalarga tushunchalar beriladi.
Zarur holda normativ-huquqiy hujjatda yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning ayrim qoidalari mazkur hujjatga havola qilingan holda aynan takrorlanadi.
