29-modda. Tadbirkorlik subyektlarining kredit resurslaridan foydalanish kafolatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari kredit resurslaridan foydalanishda teng huquqlarga ega.
Budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlaridan tadbirkorlik faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirishga, shu jumladan kichik tadbirkorlik subyektlarining, fermer va dehqon xoʻjaliklarining dastlabki (boshlangʻich) kapitalini shakllantirishga ajratiladigan kreditlardan foydalanganlik uchun davlat tomonidan imtiyozli foiz stavkalari belgilanishi mumkin.
Davlat tadbirkorlik faoliyati subyektlarini imtiyozli kreditlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi banklar va boshqa kredit tashkilotlariga qulay sharoitlar yaratishi mumkin.
Banklar kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit berishda kreditning umumiy summasida qarz oluvchining garov taʼminotini rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini hisobga olish huquqiga ega.
