30-modda. Tadbirkorlik subyektlarining axborotdan foydalanish kafolatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati subyektlariga mazkur subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qonunchilik hujjatlari, hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini taʼminlashi shart. Axborotdan foydalanish qonunchilik hujjatlarini va tegishli materiallarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish va tarqatish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari bilan oʻzaro munosabatlar masalalarini tartibga soladigan, ularning rasmiy veb-saytlarida Internet jahon axborot tarmogʻi orqali eʼlon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning talablarini buzganlik uchun tadbirkorlik faoliyati subyektlariga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot bepul taqdim etiladi, boshqa axborotni taqdim etganlik uchun esa belgilangan tartibda haq undirilishi mumkin.
Davlat statistika organlari hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan statistika axboroti muntazam eʼlon qilib borilishini taʼminlaydi.
Tadbirkorlik subyektlariga yangi korxonalar qurish uchun berilayotgan yer uchastkalarining, shuningdek realizatsiya qilish hamda ijaraga berish uchun taklif etilayotgan qurilishi tugallanmagan obyektlarning, boʻsh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va inshootlarning roʻyxati tegishli davlat organlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali oʻz rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda eʼlon qilib borilishi taʼminlanadi.
