6-modda. Ustun mavqe
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Ustun mavqe tovar yoki moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bogʻliq boʻlmagan holda unga oʻz faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, tegishli bozorga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holatidir.
Tovar bozorida qaysi xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tovarining ulushi:
1) ellik va undan ortiq foizni tashkil etsa;
2) oʻttiz besh foizdan ellik foizgacha hajmda boʻlib, bunda quyidagi shartlar:
xoʻjalik yurituvchi subyektning tovar bozoridagi ulushi kamida bir yil mobaynida barqaror boʻlib turishi;
tovar bozorida boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) tegishli ulushlarning nisbiy miqdorda boʻlib turishi;
ushbu bozorga yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) kirishiga imkoniyat boʻlishi shartlari belgilangan boʻlsa, shu xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining mavqeyi ustun mavqe deb eʼtirof etiladi.
Moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeyini eʼtirof etish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
