5-modda. Shaxslar guruhi
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega boʻlgan shaxslar yigʻindisi shaxslar guruhi deb eʼtirof etilib, ularga tatbiqan quyidagi bir yoki bir nechta shart bajariladi:
ikki va undan ortiq yuridik shaxsning biri bevosita yoki bilvosita, shuningdek oʻzga shaxslardan olgan vakolatlariga muvofiq boshqa yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizidan ortigʻiga egalik qiladi;
ikki va undan ortiq yuridik shaxsda ayni bir jismoniy shaxs, shuningdek uning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchilari), bolalari (farzandlikka olingan bolalari), tugʻishgan va oʻgay aka-ukalari hamda opa-singillari (bundan buyon matnda yaqin qarindoshlari deb yuritiladi) ushbu yuridik shaxslardagi ishtiroki tufayli yoxud boshqa shaxslardan olgan vakolatlariga muvofiq mazkur yuridik shaxslardan har birining ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizidan ortigʻiga ega boʻladi;
ikki va undan ortiq yuridik shaxsda ayni bir yuridik shaxs ushbu yuridik shaxslarda oʻzining ishtiroki tufayli yoxud boshqa shaxslardan olgan vakolatlariga muvofiq mazkur yuridik shaxslardan har birining ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizidan ortigʻiga ega boʻladi;
ikki va undan ortiq yuridik shaxsning ijro etuvchi organi tarkibiga ayni bir jismoniy shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari kiradi;
ikki va undan ortiq yuridik shaxsning kollegial ijro etuvchi organi va (yoki) kuzatuv kengashi son tarkibining ellik foizidan ortigʻini ayni bir jismoniy shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari tashkil etadi;
ikki va undan ortiq yuridik shaxslardan biri qonunchilikka yoki ushbu yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlariga yoxud ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga asosan ushbu yuridik shaxslarga ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berishga haqli boʻladi;
ikki va undan ortiq yuridik shaxsda ayni bir jismoniy shaxs yoki ayni bir yuridik shaxs qonunchilikka va ushbu yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlariga yoxud ular bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ularga ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berishga haqli boʻladi.
Ushbu Qonunda shaxslar guruhiga tovar yoki moliya bozorining yagona subyekti sifatida qaraladi.
