4-modda. Asosiy tushunchalar
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bir-birining oʻrnini bosadigan tovarlar — oʻzining belgilangan vazifasi, qoʻllanilishi, sifat va texnik xususiyatlari, narxi hamda boshqa parametrlari boʻyicha taqqoslanishi mumkin boʻlgan shunday tovarlarki, ularni oluvchi isteʼmol qilish chogʻida bir tovarni boshqasiga haqiqatan ham almashtiradi yoki almashtirishga tayyor boʻladi;
insofsiz raqobat — xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega boʻlishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid boʻlgan hamda boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoxud ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlari;
iqtisodiy konsentratsiya — xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustunligiga olib keladigan, tovar yoki moliya bozoridagi raqobatning holatiga taʼsir koʻrsatadigan bitimlar tuzish va (yoki) boshqa harakatlarni sodir etish;
iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlar harakatlarini bunday xoʻjalik yurituvchi subyektlardan birortasi bilan ham bir shaxslar guruhiga kirmaydigan yuridik yoki jismoniy shaxs bilan kelishib olish;
kamsituvchi shartlar (sharoitlar) — tovar yoki moliya bozoriga kirish, tovarni ishlab chiqarish, isteʼmol qilish, olish, realizatsiya qilish, oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish shartlari (sharoitlari) boʻlib, ular boshqa teng shartlarda (sharoitlarda) bitta yoki bir nechta xoʻjalik yurituvchi subyektni oʻzga xoʻjalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) bilan taqqoslaganda teng boʻlmagan holatga solib qoʻyadi;
kelishib olingan harakatlar — tovar yoki moliya bozorida ikki yoki undan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektning bozorning mazkur ishtirokchilaridan har birining manfaatlarini qanoatlantiradigan va ulardan har biriga oldindan maʼlum boʻlgan, raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlari;
kelishuv — ikki va undan ortiq taraflarning raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan, hujjatda yoki bir nechta hujjatda aks etgan yozma shakldagi shartlashuvi, shuningdek ogʻzaki shakldagi shartlashuvi;
moliya bozori — banklar hamda boshqa kredit, sugʻurta va oʻzga moliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatning, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari xizmatlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomala doirasi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy boʻlinishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida bunday xizmatni koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻladi;
