17-modda. Aksiyalarni (ulushlarni) olishda monopoliyaga qarshi talablar
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Monopoliyaga qarshi organ shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish boʻyicha bitimlarga oldindan rozilik beradi.
Quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish boʻyicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur boʻladi, agar:
bunday shaxs yoki shaxslar guruhi koʻrsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortigʻini tasarruf etish huquqini olsa;
bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa.
Ushbu moddaning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
xoʻjalik yurituvchi subyektni tashkil etish chogʻida uning muassislariga;
xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan oʻz aksiyalarini olishga doir bitimlarga;
aksiyadorlik jamiyati oʻz ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini saqlab qolgan taqdirda, boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga oʻzgartirilganda;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) ishonchli boshqaruvga berilganda, shuningdek aksiyalar (ulushlar) keyinchalik qayta sotish maqsadida investitsiya vositachilari tomonidan olinganda;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq olinishiga doir bitimlarga;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalari (ulushlari) davlat xususiylashtirish dasturlari doirasida olinishiga doir bitimlarga;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) jismoniy shaxs tomonidan olinishiga doir bitimlarga, agar ariza bilan murojaat etilgan paytda bunday jismoniy shaxs biror-bir xoʻjalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortigʻini tasarruf etmagan boʻlsa.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlarni koʻrib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
