16-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olishga doir monopoliyaga qarshi talablar
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Monopoliyaga qarshi organ xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish boʻyicha bitimga oldindan rozilik beradi.
Agar tegishli bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa yoxud ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish boʻyicha bitimlar uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish zarur.
Ushbu moddaning talablari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra qoʻshib yuborilishi va qoʻshib olinishi hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olishga oldindan rozilik berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
