7-modda. Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari iltimosnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kiritgan taklifga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan amalga oshiriladi.
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda respublika komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan birga xulosa olish uchun respublika komissiyasiga yuboradi.
Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Kadastr agentligiga topshiradi. Respublika komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda, geografik obyektlarga nom berish yoki ularning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi uchun kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining takliflarini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
