8-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tumanlar, shaharlar hokimlarining taklifiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga hamda ularning tarkibiy qismlariga nom berish va ular nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi (bundan buyon matnda Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
Tuman, shahar hokimi mahalliy aholi, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning fikrlarini hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan birga xulosa olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasiga yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Kadastr agentligiga topshiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa geografik obyektga nom berish va uning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida taklif kiritgan tuman, shahar hokimiga yuboriladi.
Tuman, shahar hokimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda, geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi koʻrib chiqishi uchun kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tuman, shahar hokimining taklifini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
