11-modda. Tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish hamda ularning nomlarini oʻzgartirish respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining takliflarini koʻrib chiqish uchun qabul qiladi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan xulosa olish uchun respublika komissiyasiga yuboradi.
Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Kadastr agentligiga topshiradi. Respublika komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda, geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalasi yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.
