12-modda. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha komissiyalarning asosiy vazifalari
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha komissiyalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari hamda merosi bilan bogʻliq geografik obyektlarning nomlari muhofaza qilinishini taʼminlash, asossiz oʻzgartirilishining oldini olish;
geografik obyektlarga Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar berilishiga hamda ularning nomlari shu ruhda oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish chogʻida mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish hollarini istisno etish.
Ushbu Qonun 4-moddasi talablarining hamda geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik boshqa qoidalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalari tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni respublika komissiyasi amalga oshiradi.
Komissiyalarning tarkibi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining rahbarlari va xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari, shuningdek fan va madaniyat arboblari, ekspertlar, mutaxassislar hamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslar orasidan shakllantiriladi. Respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklarining rahbariyati tomonidan boshqariladi.
Respublika komissiyasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalarining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
