101-modda. Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan hamda, qoida tariqasida, nomlari mavjud boʻlmagan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nisbatan amalga oshiriladi.
Tuman, shahar hokimi aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish toʻgʻrisidagi fuqarolar tashabbuslarini, shuningdek fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning iltimosnomalarini koʻrib chiqadi hamda ularni zarur hujjatlar bilan birga takliflar tayyorlash uchun tuman, shahar komissiyasiga yuboradi.
Tuman, shahar komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni ularning geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi, keyinchalik tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi, shuningdek ularni tuman, shahar hokimiga yuboradi.
Tuman, shahar hokimi tuman, shahar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish toʻgʻrisidagi takliflarni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasiga yuboradi, komissiya taqdim etilgan hujjatlarning har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi va ularni geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Kadastr agentligiga topshiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasi amalga oshirilgan ishlarning yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga yuboriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish toʻgʻrisidagi taklifni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi bilan kelishadi.
