6-modda. Jamiyatning firma nomi va uning joylashgan manzili
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat davlat tilidagi va bir vaqtda jamiyatning ixtiyoriga binoan boshqa tillardagi toʻliq firma nomiga ega boʻlishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqlidir.
Masʼuliyati cheklangan jamiyatning toʻliq firma nomi jamiyatning toʻliq nomini va “masʼuliyati cheklangan jamiyat” soʻzlarini oʻz ichiga olishi kerak. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning qisqartirilgan firma nomi uning toʻliq yoki qisqartirilgan nomini hamda “masʼuliyati cheklangan jamiyat” degan soʻzlarni yoki MChJ abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak.
Jamiyatning firma nomi uning tashkiliy-huquqiy shaklini aks ettiruvchi, shu jumladan chet tillardan oʻzlashtirilgan boshqa atamalar va abbreviaturalarni, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻz ichiga olishi mumkin emas.
Chet elliklar ishtirokida tashkil etilayotgan jamiyatning firma nomiga uning muassislari qaysi davlatga mansubligini koʻrsatuvchi qayd kiritilishi mumkin.
Jamiyatning joylashgan manzili uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyiga qarab belgilanadi. Jamiyatning taʼsis hujjatlarida uning boshqaruv organlari doimiy joylashgan yer yoki uning asosiy faoliyati yuritiladigan joy jamiyatning joylashgan manzili deb belgilanishi mumkin.
Jamiyat u bilan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga ega boʻlishi lozim va yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organni oʻzining pochta manzili oʻzgargani toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
