7-modda. Jamiyatning ishtirokchilari
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilari boʻladilar.
Qonunda ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning jamiyatda ishtirok etishi taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, jamiyatning ishtirokchilari boʻlishga haqli emaslar.
Jamiyat bir shaxs tomonidan taʼsis etilishi mumkin boʻlib, u jamiyatning yagona ishtirokchisiga aylanadi. Jamiyat keyinchalik bir ishtirokchisi boʻlgan jamiyatga aylanishi mumkin.
Jamiyat yagona ishtirokchi sifatida bitta shaxsdan iborat boshqa jamiyatga ega boʻlishi mumkin emas, bir aksiyadordan iborat aksiyadorlik jamiyati jamiyatning yagona ishtirokchisi boʻlgan hollar bundan mustasno.
Jamiyat ishtirokchilarining soni ellik kishidan oshmasligi lozim.
Agar jamiyat ishtirokchilarining soni ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan meʼyordan oshib ketsa, jamiyat bir yil ichida aksiyadorlik jamiyati yoki ishlab chiqarish kooperativi etib qayta tuzilishi kerak. Agar koʻrsatilgan muddat davomida jamiyat qayta tuzilmasa va jamiyat ishtirokchilarining soni belgilangan meʼyorga qadar kamaymasa, u yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organning talabiga binoan sud tartibida tugatilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchilari oʻrtasida murosasiz ziddiyatlar sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovozlar soni mavjud boʻlmaganligi tufayli jamiyatni boshqarish masalalari yuzasidan kelishuvga erishish mumkin boʻlmagan taqdirda, nizoli vaziyat sud tartibida hal etiladi.
