5-modda. Masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning huquqiy holati
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Masʼuliyati cheklangan jamiyat (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi.
Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi boʻlishga yoki ularning ustav fondida (ustav kapitalida) boshqacha tarzda ishtirok etishga, vakolatxonalar va filiallar tuzishga haqlidir.
Jamiyat, agar uning taʼsis hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, nomuayyan muddatga tuziladi.
Jamiyat oʻzining toʻliq firma nomi davlat tilida ifodalangan va jamiyatning joylashgan yeri koʻrsatilgan dumaloq muhrga ega boʻlishga haqli. Jamiyatning muhrida uning firma nomi jamiyatning tanloviga koʻra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin.
Jamiyat oʻzining firma nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, oʻz emblemasiga, shuningdek belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xizmatlarni individuallashtiruvchi oʻzga vositalarga ega boʻlishga haqli.
Jamiyat oʻzining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega boʻladi, oʻz nomidan huquqlarni olishi, majburiyatlarga ega boʻlishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Jamiyat qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.
Roʻyxati qonun hujjatlarida belgilanadigan ayrim faoliyat turlari bilan jamiyat faqat litsenziya asosida shugʻullanishi mumkin.
Jamiyat oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga qarashli barcha mol-mulk bilan javobgar boʻladi.
Jamiyat oʻz ishtirokchilarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
Jamiyatning toʻlovga qobiliyatsizligi ishtirokchi sifatidagi shaxsning aybi tufayli vujudga kelgan boʻlsa, jamiyatning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Davlat va uning organlari jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi, xuddi shuningdek jamiyat ham davlat va uning organlari majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi.
