19-modda. Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishga haqli, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, jamiyat oʻz ishtirokchilarining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarining nominal qiymatini kamaytirish va (yoki) jamiyatga tegishli ulushlarning haqini toʻlash orqali oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishi shart.
Jamiyatning barcha ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini kamaytirish yoʻli bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish jamiyatning barcha ishtirokchilari ulushlari miqdorlari saqlab qolingan holda amalga oshirilishi kerak.
Jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida uning ustav fondi (ustav kapitali) toʻliq toʻlanmagan taqdirda, jamiyat oʻzining ustav fondini (ustav kapitalini) amalda toʻlangan miqdorgacha kamaytirishini eʼlon qilishi va uning kamaytirilganligini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi yoki jamiyatni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi kerak.
Agar ikkinchi va har bir keyingi moliya yili tugaganidan keyin jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan (ustav kapitalidan) kam boʻlib qolsa, jamiyat oʻz ustav fondi (ustav kapitali) oʻzining sof aktivlari qiymatidan oshmaydigan miqdorgacha kamaytirilishini eʼlon qilishi va bunday kamaytirishni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi shart.
Jamiyat sof aktivlarining qiymati qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Jamiyat kreditorlari jamiyatning ustav fondi (ustav kapitalini) kamaytirilganligidan xabar topgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida jamiyatdan jamiyatning tegishli majburiyatlari muddatidan ilgari tugatilishini yoki ijro etishini hamda oʻzlari koʻrgan zararning oʻrnini qoplashini yozma ravishda talab qilishga haqlidirlar.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish bilan bogʻliq ustavdagi oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda jamiyat oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish yoki oʻzining tugatilishi toʻgʻrisida uch oylik muddatda qaror qabul qilmasa, kreditorlar jamiyat majburiyatlarini muddatidan ilgari tugatishini yoki ijro etishini va oʻzlari koʻrgan zararning oʻrnini qoplashini talab qilishga haqlidir. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bunday hollarda jamiyatni tugatish toʻgʻrisida sudga talabnoma taqdim etishga haqlidir.
