18-modda. Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) uning ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobiga koʻpaytirish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan qoʻshimcha hissalar qoʻshish hisobiga jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorida qoʻshimcha hissalarning muayyan umumiy qiymati, jamiyat har bir ishtirokchisining qoʻshimcha hissasi qiymatining miqdori, ishtirokchilar tomonidan qoʻshimcha hissalarni toʻliq qoʻshish muddati belgilanishi kerak.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi jamiyat ishtirokchisining qoʻshimcha hissa qoʻshish toʻgʻrisidagi arizasi (jamiyat ishtirokchilarining arizalari) va (yoki), agar bu jamiyatning taʼsis hujjatlarida taqiqlangan boʻlmasa, uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) uni (ularni) jamiyatga qabul qilish va hissa qoʻshish toʻgʻrisidagi arizasi (arizalari) asosida jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisida bir ovozdan qaror qabul qilishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining arizasida va uchinchi shaxsning arizasida hissani qoʻshish tartibi, miqdori, usullari va muddati, shuningdek jamiyat ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs jamiyatning ustav fondida (ustav kapitalida) ega boʻlishni xohlagan ulush miqdori koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Arizada hissalarni qoʻshish va jamiyatga aʼzo boʻlib kirishning boshqa shartlari ham koʻrsatilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror bilan bir vaqtda uning taʼsis hujjatlariga jamiyat barcha yoki ayrim ishtirokchilarining (ayrim ishtirokchisining) qoʻshimcha hissalarini qoʻshish hisobiga va (yoki) jamiyatga uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) qabul qilinishi, jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymati tegishlicha koʻpaytirilishi va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdori aniqlanishi munosabati bilan oʻzgartishlar, zarur hollarda, shuningdek jamiyat ishtirokchilari ulushining miqdorlari oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi kerak. Bunda jamiyat ishtirokchisi ulushining nominal qiymati uning qoʻshimcha hissasi qiymatidan koʻproq summaga koʻpaytirilishi mumkin emas, jamiyatga qabul qilinadigan har bir uchinchi shaxs tomonidan olinadigan ulushning nominal qiymati uning hissasi qiymatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Qoʻshimcha hissalarni qoʻshishning muddati tugagan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay jamiyat ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalarini va (yoki) uchinchi shaxslarning hissalarini qoʻshish yakunlarini tasdiqlash haqida, shuningdek jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish, qoʻshimcha hissalar qoʻshgan jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini koʻpaytirish va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdorlarini aniqlash, zarur hollarda jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartishlarni jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritish toʻgʻrisida jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilinishi kerak.
