20-modda. Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) jamiyatning boshqa ishtirokchilariga va uchinchi shaxslarga oʻtishi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchisi jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoki uning bir qismini jamiyatning bir yoxud bir necha ishtirokchisiga sotishga yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechishga haqli. Bunday bitimni tuzish uchun, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyatning yoki jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligi talab qilinmaydi.
Jamiyat ishtirokchisi, agar jamiyatning ustavida taqiqlangan boʻlmasa, oʻz ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxslarga sotishi yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining ulushi toʻliq toʻlanguniga qadar boʻlgan davrda u faqat toʻlangan qismi boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadi, bundan jamiyat ustavida davlat ulushini (ulushning bir qismini) ommaviy savdolar orqali sotish nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunday huquqdan jamiyatning har bir ishtirokchisi foydalanishi mumkin. Agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun ulushni sotib olishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyat ishtirokchilari tomonidan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olish ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Agar jamiyatning boshqa ishtirokchilari jamiyatning ishtirokchisi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda oʻzining imtiyozli huquqidan foydalanmagan boʻlsa, jamiyat mazkur ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi.
Oʻz ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxsga sotish niyatida boʻlgan jamiyat ishtirokchisi ulushning (ulushning bir qismining) sotilish bahosini va boshqa shartlarni koʻrsatgan holda, bu haqda jamiyatning qolgan ishtirokchilarini va jamiyatning oʻzini yozma shaklda xabardor qilishi shart, bundan jamiyat ustavida davlat ulushini (ulushning bir qismini) ommaviy savdolar orqali sotish nazarda tutilgan hollar mustasno. Jamiyatning ustavida xabarnoma jamiyat ishtirokchilariga jamiyat orqali yuborilishi nazarda tutilishi mumkin. Ulushni (ulushning bir qismini) imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirish istagida boʻlgan jamiyat ishtirokchisi oʻz ulushini (ulushning bir qismini) sotishni taklif etayotgan jamiyat ishtirokchisini yetti kunlik muddatda bu haqda xabardor qilishi, bunda sotishga taklif etilayotgan ulushni toʻliq yoki uning muayyan qismini sotib olmoqchi ekanligini koʻrsatishi kerak. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulushning miqdoridan oshmasa, ishtirokchilardan har biri ulushning oʻz xabarnomasida koʻrsatgan qismini sotib oladi. Agar ulushning qolgan qismi uchinchi shaxs ixtiyoriga oʻtkazilguniga qadar jamiyat ishtirokchilaridan qoʻshimcha takliflar kelib tushmasa, bunday qism uchinchi shaxsga oʻtkazilishi mumkin. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulush (ulushning bir qismi) miqdoridan oshsa, ishtirokchilar, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqacha taqsimlash nazarda tutilmagan boʻlsa, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda sotib oladi.
