15-modda. Jamiyat ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan hissalar
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Pul, qimmatli qogʻozlar, oʻzga ashyolar yoki mulkiy huquqlar yoxud pul bahosiga ega boʻlgan boshqa shaxsga oʻtkaziladigan oʻzga huquqlar jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan hissalar boʻlishi mumkin.
Jamiyatning ishtirokchilari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslar tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan pulsiz hissalarning pul bahosi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qarori bilan tasdiqlanadi.
Ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida jamiyatga foydalanish uchun berilgan mol-mulkning muddat oʻtgunga qadar ushbu mol-mulkdan foydalanish huquqi tugatilgan taqdirda, jamiyatning mol-mulkni bergan ishtirokchisi jamiyatning talabiga binoan unga shunday mol-mulkdan shunga oʻxshash sharoitlarda qolgan muddat mobaynida foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqiga teng pul tovoni toʻlashi shart. Pul tovoni jamiyat tomonidan uni berish talabnomasi taqdim etilganidan eʼtiboran agar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori bilan tovon toʻlashning boshqacha tartibi belgilangan boʻlmasa, bir oy ichida bir yoʻla toʻlanishi kerak. Bunday qaror jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida mol-mulkdan foydalanish huquqini bergan va bu huquq muddatidan ilgari tugatilgan jamiyat ishtirokchisining ovozini hisobga olmagan holda jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
Taʼsis hujjatlarida jamiyat ishtirokchisi tomonidan ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida jamiyatga foydalanish uchun berilgan mol-mulkdan foydalanish huquqining muddatidan ilgari tugatilganligi uchun jamiyat ishtirokchisi tomonidan tovon toʻlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
Jamiyatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa tariqasida foydalanish uchun berilgan mol-mulk, agar taʼsis hujjatida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, u qancha muddatga berilgan boʻlsa, shuncha muddat davomida jamiyat foydalanishida qolaveradi.
