16-modda. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) koʻpaytirilishi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirishga u toʻliq toʻlanganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan (agar jamiyatning ustavida bunday qarorni qabul qilish uchun ovozlarning bundan koʻproq soni zarurligi nazarda tutilgan boʻlmasa) qabul qilingan qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) koʻpaytirilishi jamiyatning mol-mulki hisobiga va (yoki) jamiyat ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalari hisobiga va (yoki), agar bu jamiyatning ustavi bilan taqiqlangan boʻlmasa, jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
