14-modda. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) tarkibi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) jamiyatning ustavida belgilanadi va uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatidan iborat boʻladi.
Jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ming baravaridan koʻp boʻlgan naqd pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi va baholangan qiymatdan yuqori boʻlishi mumkin emas.
Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining miqdori foizlarda yoki kasr koʻrinishida belgilanadi. Jamiyat ishtirokchisi ulushining miqdori uning ulushi nominal qiymati bilan jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) nisbatiga teng boʻlishi kerak.
Jamiyat ishtirokchisi ulushining haqiqiy qiymati jamiyat sof aktivlari qiymatining uning ulushi miqdoriga mutanosib boʻlgan bir qismiga mos boʻladi.
Jamiyatning ustavi bilan jamiyat ishtirokchisi ulushining eng yuqori miqdori, shuningdek jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nisbatini oʻzgartirish imkoniyati cheklab qoʻyilishi mumkin. Bunday cheklashlar jamiyatning ayrim ishtirokchilariga nisbatan belgilanishi mumkin emas. Koʻrsatib oʻtilgan qoidalar jamiyat taʼsis etilayotganda uning ustavida nazarda tutilishi, shuningdek jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qaroriga binoan jamiyatning ustaviga kiritilishi, oʻzgartirilishi va undan chiqarib tashlanishi mumkin.
Jamiyat faqat kredit tashkiloti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz hissasining kamida oʻttiz foizini kiritishi shart.
Jamiyatning har bir ishtirokchisi taʼsis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) oʻz hissasini toʻliq kiritishi kerak.
Jamiyatning ishtirokchisi tomonidan hissaning toʻliq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
