7-modda. Kredit byurosi
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit byurosi — qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etilgan va kredit axboroti almashinuvini amalga oshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxs.
Kredit byurosi ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori ikki milliard soʻmni tashkil etishi kerak.
Kredit byurosining faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Kredit byurosi oʻzining firma nomi davlat tilida toʻliq yozilgan hamda joylashgan yeri koʻrsatilgan yumaloq muhrga ega boʻlishga haqli. Muhrda bir vaqtning oʻzida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham koʻrsatilishi mumkin.
Kredit byurosining firma nomida “kredit byurosi” degan soʻz birikmasi yozilgan boʻlishi kerak. Ushbu Qonun talablariga javob bermaydigan yuridik shaxs oʻz nomida “kredit byurosi” degan soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Kredit byurosi oʻzining firma nomi yozilgan shtamplarga, blankalarga va oʻz emblemasiga ega boʻlishga haqli.
