8-modda. Kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va kredit byurosi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va kredit byurosi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) berish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi.
Kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va litsenziya berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga joylashgan yeri (pochta manzili) koʻrsatilgan holda ariza berilib, unga quyidagilar ilova qilinadi:
muassislar umumiy yigʻilishining kredit byurosini tashkil etish toʻgʻrisidagi bayonnomasi yoki yagona muassisning kredit byurosini tashkil etish haqidagi qarori;
kredit byurosining taʼsis hujjatlari;
kredit byurosining rahbari va muassislari (muassisi) haqidagi maʼlumotlar;
kredit axborotini ruxsat etilmagan holda unga kirishdan, yoʻq qilib yuborishdan, oʻzgartirishdan, undan foydalanishdan yoki uni oshkor etishdan himoya qilishni taʼminlovchi dasturiy-texnikaviy kompleksning parametrlari va joylashuvi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kredit byurosining ustav fondi (ustav kapitali) shakllantirilganligini tasdiqlovchi bank hujjati;
kredit byurosi binosida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki davlat roʻyxatidan oʻtkazish va litsenziya berish uchun hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi va litsenziya beradi.
Kredit byurosining taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat bojining miqdori qonunda belgilanadi. Kredit byurosiga litsenziya berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
