22-modda. Kredit axboroti subyektining huquqlari
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit axboroti subyekti:
kredit byurosidan oʻzi haqidagi kredit hisobotini olish, shu jumladan bir yilda bir marta tekinga olish;
oʻzi haqidagi kredit hisobotining taqdim etilishi maqsadi toʻgʻrisida va kredit hisoboti taqdim etilgan kredit axborotidan foydalanuvchilar haqida kredit byurosidan axborot olish;
kredit axborotidan foydalanuvchidan oʻzi haqidagi kredit hisobotining koʻchirma nusxasini olish;
oʻzi haqidagi kredit axborotida xolis, ishonchli va yangilangan maʼlumotlar aks ettirilishi maqsadida unga oʻzgartirishlar kiritishni kredit axborotini yetkazib beruvchilardan talab qilish;
kredit axborotini kredit byurolariga oʻz vaqtida taqdim etishni kredit axborotini yetkazib beruvchilardan talab qilish;
oʻzi haqidagi kredit tarixiga aniqliklar kiritishni kredit byurosidan talab qilish;
oʻzi haqidagi kredit hisobotining taqdim etilishiga rozilik berishni rad etish yoki uning kredit byurolari tomonidan taqdim etilishini taqiqlash (taqiqni olib tashlash);
kredit byurosiga qilgan murojaati oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini talab qilish;
kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi ariza bilan belgilangan tartibda murojaat etish;
kredit byurosida mavjud boʻlgan oʻzi haqidagi kredit axborotidan, qanday maqsadlarda boʻlishidan qatʼi nazar, foydalanish huquqiga ega.
Kredit axboroti subyekti qonunchilik va kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
