21-modda. Kredit axborotidan foydalanuvchining huquq va majburiyatlari
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit axborotidan foydalanuvchi:
bir nechta kredit byurosidan kredit hisobotlarini olishga;
taqdim etilgan kredit hisobotining xolisligi va ishonchliligi yuzasidan kredit byurosiga oʻz fikr-mulohazalarini bildirishga;
kredit byurolaridan kredit axboroti subyektining reyting bahosini hisoblash uslubini hamda kredit axboroti subyekti reyting bahosiga taʼsir qilgan omillarni tushuntirib berishni talab qilishga haqli.
Kredit axborotidan foydalanuvchi qonunchilik va kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Kredit axborotidan foydalanuvchi:
kredit axboroti subyekti toʻgʻrisidagi kredit hisobotini kredit byurosidan olish uchun kredit axboroti subyektidan rozilik soʻrashi;
kredit hisobotining maxfiyligi va but saqlanishiga rioya etishi hamda unda mavjud boʻlgan kredit axborotini uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi;
kredit hisobotidan faqat ushbu Qonun 24-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan maqsadlar uchun foydalanishi;
kredit axboroti subyekti xususida olingan kredit hisobotining koʻchirma nusxasini uning soʻroviga koʻra taqdim etishi;
kredit axboroti subyektining oʻzi haqidagi kredit hisobotini berishga ilgari olingan roziligini tanishib chiqish uchun kredit byurosining talabiga koʻra unga uch ish kuni ichida taqdim etishi shart.
Kredit axborotidan foydalanuvchining zimmasida qonunchilik va kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
