121-modda. Kredit byurolariga nisbatan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilganligi uchun kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi:
kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik;
kredit byurolari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini buzganlik;
litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan qoidabuzarliklar aniqlanganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagi choralar va sanksiyalarni qoʻllashga haqli:
kredit byurolariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida, shu jumladan kredit byurolari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborish;
bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravarigacha boʻlgan miqdorda jarima undirish.
Choralar va sanksiyalarni qoʻllashda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni hisobga oladi:
qoidabuzarliklarning xususiyatini, miqyosini va oqibatlarini;
qoidabuzarliklarning tizimliligi va davomiyligini;
qoʻllaniladigan choralar va (yoki) sanksiyalar natijasida vaziyatni oʻzgartirish imkoniyatini;
aniqlangan qoidabuzarliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan sabablarni;
ilgari qoʻllanilgan choralar va sanksiyalarning samaradorligini (natijadorligini).
