12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit byurolari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish borasidagi vakolatlari
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
kredit axboroti almashinuvi sohasida oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;
qonunchilikda belgilangan tartibda kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi va litsenziya beradi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turadi yoki tugatadi, shuningdek litsenziyani bekor qiladi yoki qayta rasmiylashtiradi.
Kredit byurolarining davlat reyestrini va Kredit axborotining davlat reyestrini yuritadi;
kredit byurolari uchun ichki audit oʻtkazishga, yillik hisobotlar tuzishga, shuningdek kredit axboroti himoya qilinishini taʼminlovchi dasturiy-texnikaviy kompleksning parametrlari va joylashuviga doir majburiy talablarni belgilaydi;
kredit byurolarining faoliyatiga taalluqli hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni oladi;
kredit byurolarining faoliyatini belgilangan tartibda tekshiradi;
kredit byurosining rahbariga nisbatan malaka talablarini belgilaydi;
qonunchilik talablarini buzganlik uchun kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qonunchilikka muvofiq kredit byurolarining faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Kredit bitimini tuzishi taqiqlangan shaxslarning oʻzaro muvofiqlashtirilgan reyestrini kredit byurolari tomonidan yuritish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
