49-modda. Oʻqotar qurolni qoʻllash
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Alohida hollarda, agar jinoyatga boshqa vositalar bilan barham berishning iloji boʻlmasa, oxirgi chora sifatida oʻqotar qurolni qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻqotar qurol quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin:
qamoqda saqlash joylarining xodimlarini, boshqa shaxslarni ularning hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid soluvchi hujumdan himoya qilish, shuningdek qurolni qoʻlga kiritish maqsadida qilingan hujumni daf etishda;
garovga olinganlarni, egallab olingan binolar, inshootlar, xonalar va transport vositalarini ozod qilishda;
qamoqda saqlash joylarining qoʻriqlanadigan obyektlariga, transport vositalariga guruh boʻlib qilingan hujumni yoki qurolli hujumni daf etish yoxud ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni zoʻrlik bilan ozod qilishga urinishlarga barham berishda;
qamoqdan qochayotgan yoki qurolli qarshilik koʻrsatayotgan ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni ushlashda;
ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan tomonidan qamoqdan qochishda foydalanilayotgan transport vositasini toʻxtatishda.
Oʻqotar qurol qonunga muvofiq boshqa hollarda ham qoʻllanilishi mumkin.
Oʻqotar qurolni qoʻllashdan oldin uning qoʻllanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish va yuqoriga qarab ogohlantiruvchi oʻq otish kerak.
Oʻqotar qurol qoʻqqisdan hujum qilinganda, qurolli hujumni yoki jangovar texnika, transport vositalari, uchish apparatlari, dengiz va daryo kemalaridan foydalangan holda qilingan hujumni daf etishda, garovga olinganlarni ozod qilishda, qamoqdan qurol bilan, transport vositalari yordamida yoxud yurib ketayotgan transport vositalaridan, tunda yoki koʻrish cheklangan sharoitlarda qochilgan hollarda ogohlantirishsiz va yuqoriga qarab ogohlantiruvchi oʻq otmasdan qoʻllanilishi mumkin.
Oʻqotar qurol qoʻllanilganda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun imkoni boricha barcha choralar koʻrilishi kerak.
