50-modda. Qamoqda saqlash joylarida alohida holat joriy etish
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Favqulodda vaziyatlar roʻy bergan, qamoqda saqlash joylari joylashgan yerda favqulodda yoki harbiy holat joriy etilgan hollarda, urush davri mobaynida, ushlab turilganlar yoki qamoqqa olinganlar tomonidan guruh boʻlib boʻysunmaslik, shuningdek ommaviy tartibsizliklar sodir etilganda qamoqda saqlash joylarida alohida holat joriy etilishi mumkin.
Qamoqda saqlash joylarida alohida holat tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining raisi yoki Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan ularning vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda oʻttiz sutkagacha boʻlgan muddatga joriy etiladi. Alohida holatning amal qilish muddati ayrim hollarda qoʻshimcha ravishda oʻttiz sutkagacha uzaytirilishi mumkin.
Qamoqda saqlash joylarida alohida holat amal qilib turgan davrda qoʻriqlash va nazoratning kuchaytirilgan rejimi, obyektlarga kirishning alohida tartibi joriy etiladi, kun tartibi oʻzgartirilishi, baʼzi xizmatlarning faoliyati cheklanishi mumkin. Ayni vaqtda ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ayrim huquqlarini cheklashga yoʻl qoʻyiladi.
