48-modda. Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolni qoʻllash
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning gʻayrihuquqiy xatti-harakatlariga, shuningdek oʻziga oʻzi zarar yetkazishiga barham berish maqsadida ularga nisbatan maxsus vositalar qoʻllanilishi mumkin.
Maxsus vositalarga rezina tayoqlar, qoʻlkishanlar yoki boshqa bogʻlash vositalari, xizmat itlari, koʻzdan yosh oqizuvchi moddalar, chalgʻitma taʼsir koʻrsatuvchi nur-tovush moslamalari, toʻsiq-gʻovlarni bartaraf etuvchi vositalar, suv bilan zarba beruvchi va zirhli mashinalar, xonalarni ochish, transport vositalarini majburiy toʻxtatish moslamalari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vositalar kiradi.
Maxsus vositalar quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joylari xodimlariga, boshqa ushlab turilganlarga yoki qamoqqa olinganlarga va oʻzga shaxslarga hujumini daf etishda;
ushlab turilganlar yoki qamoqqa olinganlar tomonidan sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh boʻlib buzishlarga barham berishda;
qamoqda saqlash joylarining xodimlariga ashaddiy tarzda boʻysunmayotgan yoki qarshilik koʻrsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda;
qamoqdan qochgan ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni ushlashda;
garovga olinganlarni, egallab olingan binolar, inshootlar, xonalar va transport vositalarini ozod qilishda;
ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa yerga koʻchirish, qoʻriqlab borish va qoʻriqlab turishda — qamoqdan qochishning oldini olish uchun.
Ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda gazli va shikastlantiruvchi qurol qoʻllanilishi mumkin.
Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurol qonunga muvofiq boshqa hollarda ham qoʻllanilishi mumkin.
Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolning turlari, ularni ishlatish muttasilligi yuzaga kelgan vaziyat, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning shaxsi inobatga olingan holda belgilanadi. Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolni qoʻllash ushlab turilganlarga yoki qamoqqa olinganlarga hamda boshqa shaxslarga mumkin qadar kam zarar yetkazishi kerak.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari yaqqol koʻrinib turgan shaxslarga hamda yoshi aniq koʻrinib turgan yoxud maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ular tomonidan qurolli qarshilik koʻrsatilgan yoki fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilingan hollar mustasno.
