53-modda. Vakilning vakolatlarini rasmiylashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada ifoda etilgan boʻlishi lozim.
Fuqarolar beradigan ishonchnomalarni notariuslar yoki notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa mansabdor shaxslar tasdiqlaydilar.
Fuqarolar vakillarining sudda ish yuritish vakolatlari ishonch bildirayotgan shaxsning ogʻzaki arizasi bilan ham tasdiqlanishi mumkin, bu hol sud majlisining bayonnomasiga kiritilishi lozim.
Davlat boshqaruvi organlarining, mansabdor shaxslarning vakillari tegishli organ rahbarining yoki mansabdor shaxsning imzosi bilan beriladigan ishonchnoma boʻyicha ish yuritadilar.
Tashkilot nomidan beriladigan ishonchnoma tashkilot rahbari tomonidan imzolanib, imzo tashkilot muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Tashkilotlarning rahbarlari sudga oʻzlarining xizmat lavozimlari yoki vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etadilar.
Advokatning vakolatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
