54-modda. Vakilning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudda ish yuritish vakolatlari vakilga hamma protsessual harakatlarni vakolat beruvchi nomidan amalga oshirish huquqini beradi.
Shartnoma boʻyicha vakillik qiluvchining arz qilingan talablardan butunlay yoki qisman voz kechish, ularning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, daʼvogarning talablarini tan olish, kelishuv bitimi tuzish, vakolatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (boshqa shaxsga ishonib topshirish), sudning hal qiluv qarori (ajrimi) ustidan shikoyat berish, ijro varaqasini undiruvga qaratish, daʼvo taqdim etuvchiga tegishli deb qaror chiqarilgan mol-mulk yoki pulni olish vakolati toʻgʻrisida har bir alohida holda vakolat beruvchi tomonidan topshirilgan vakolatnomada maxsus izoh berilishi kerak.
