52-modda. Shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillik
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillikka binoan ishonch bildiruvchi oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish boʻyicha sudda ish yuritishni vakilga topshiradi.
Quyidagilar shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakil boʻla oladilar:
1) advokatlar;
2) nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan yoki yon shajara boʻyicha qarindoshlar, shuningdek er (xotin) yoxud uning qarindoshlari;
3) yuridik shaxslarning xodimlari — shu yuridik shaxslarning ishlari boʻyicha;
4) notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari — shu tashkilotlar aʼzolarining ishlari boʻyicha;
5) qonunga binoan boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari;
6) birgalikda ishtirok etuvchilardan biri boshqa ishtirokchilarning topshirigʻi boʻyicha;
7) ishni koʻrayotgan sud tomonidan ishda jismoniy shaxslarning vakillari sifatida qatnashishga ruxsat berilgan shaxslar.
Sudda ish yuritish boʻyicha vakil sifatida professional faoliyat bilan faqat advokatlar shugʻullanishi mumkin.
