51-modda. Qonuniy vakillik
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar yoki homiylar) himoya qiladilar.
Belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaro ishtirok etishi lozim boʻlgan ish boʻyicha uning vakili sifatida mazkur fuqaroning mol-mulkini qoʻriqlash va boshqarish hamda shaxsiy huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun tayinlangan shaxs qatnashadi.
Vafot etgan yoki belgilangan tartibda oʻlgan deb eʼlon qilingan shaxsning merosxoʻri qatnashishi lozim boʻlgan ish boʻyicha, agar merosni hali hech kim qabul qilib olmagan boʻlsa, merosxoʻrning vakili sifatida vasiy yoxud meros mol-mulkni saqlash va boshqarish uchun tayinlangan saqlovchi shaxs qatnashadi.
Qonuniy vakil sudda ish olib borishni vakil sifatida oʻzi tanlagan boshqa shaxsga topshirish huquqiga ega.
