3099-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishning umumiy qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ushbu bobda belgilangan qoidalar hakamlik muhokamasi taraflarining hakamlik sudlari hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqalari berish toʻgʻrisidagi arizalari sud tomonidan koʻrib chiqilayotganda qoʻllaniladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi masala hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha tarafning arizasiga binoan sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza qarzdor yashaydigan joydagi yoki joylashgan yerdagi yoxud, agar qarzdor yashaydigan joy yoki joylashgan yer nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi sudga beriladi.
