30910-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda beriladi va hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi, joylashgan yeri;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
5) ariza bilan murojaat etgan hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan sana;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi talab.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;
2) hakamlik bitimining tegishli tarzda tasdiqlangan nusxasi;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza qarzdorlarning soniga mutanosib miqdordagi nusxalari bilan birga sudga beriladi, axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ariza bundan mustasno.
