3098-modda. Sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ajrimi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksda hal qiluv qarori qabul qilish uchun nazarda tutilgan qoidalarga binoan ajrim chiqaradi.
Sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi yoki hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilishni rad etish haqidagi ajrimida quyidagilar ham boʻlishi kerak:
1) hakamlik sudining nizolashilayotgan hal qiluv qarori toʻgʻrisidagi va mazkur qaror qabul qilingan joy haqidagi maʼlumotlar;
2) nizolashilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) hakamlik sudining hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilish yoxud arizachining talabini toʻliq yoki qisman qanoatlantirishni rad etish uchun koʻrsatma.
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining bekor qilinganligi hakamlik muhokamasi taraflarining, agar hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yoʻqolmagan boʻlsa, hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yangitdan murojaat etishiga yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudga murojaat etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik bitimi haqiqiy emasligi oqibatida yoki hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligi yoxud unda hakamlik bitimida qamrab olinmagan masalalar boʻyicha xulosalar mavjudligi yoinki nizo hakamlik muhokamasining predmeti boʻlishi mumkin emasligi oqibatida sud tomonidan toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, hakamlik muhokamasi taraflari bunday nizoni hal qilish uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan sudga murojaat etishlari mumkin.
