165-modda. Sud majlisi zalidagi tartib
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudya (sudyalar) majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida sud majlisi zalida hozir boʻlganlarning hammasi oʻrnidan turadi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan fuqarolar, agar ular ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki guvohlar boʻlmasa, sud majlisi zaliga qoʻyilmaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar sudga murojaat qilishda, oʻzlarining koʻrsatuv va tushuntirishlarini bayon qilishda tik turib gapiradilar. Bu qoidadan uzrli sababga koʻra chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilangina yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, shuningdek sud majlisi zalida hozir boʻlgan hamma fuqarolar sud majlisida belgilangan tartibga rioya qilishlari va raislik qiluvchining farmoyishlariga soʻzsiz itoat etishlari shart.
Sudning alohida xonada (maslahatxonada) chiqargan qarorlarini sud majlisi zalida hozir boʻlganlarning hammasi tik turib eshitadi.
