164-modda. Sud majlisida raislik qiluvchi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud majlisida shu sudning raisi, uning oʻrinbosari yoki sudya raislik qiladi.
Raislik qiluvchi sud majlisini boshqarib, ishning barcha holatlari, taraflarning huquq va majburiyatlari toʻliq, har taraflama va xolisona aniqlanishini, sud protsessining tarbiyaviy taʼsirini taʼminlaydi, koʻrilayotgan ishga aloqasi boʻlmagan hamma narsani sud muhokamasidan chetlatadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, guvohlardan birortasi raislik qiluvchining xatti-harakatiga eʼtiroz bildirsa, bu eʼtirozlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va masala sud tomonidan hal qilinadi.
Raislik qiluvchi sud majlisida tegishli tartibni taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlar koʻradi.
