166-modda. Sud majlisida tartibni buzuvchilarga nisbatan koʻriladigan choralar
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishni koʻrish vaqtida tartibni buzgan shaxsni raislik qiluvchi sud nomidan ogohlantiradi.
Ishda qatnashayotgan shaxslar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar tartibni takroran buzgan taqdirda sudning ajrimiga binoan, ishni koʻrishda hozir boʻlgan fuqarolar esa, raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Fuqarolar ommaviy tarzda tartibni buzgan taqdirda sud ishni koʻrishni keyinga qoldirishi mumkin.
Prokuror yoki advokat raislik qiluvchining farmoyishlariga itoat qilmasalar, ular ogohlantiriladi. Mazkur shaxslar raislik qiluvchining farmoyishlariga yana itoat etmasalar, agar ularni ishga zarar yetkazmagan holda boshqa shaxs bilan almashtirishning imkoni boʻlmasa, sudning ajrimiga binoan ishni koʻrish keyinga qoldirilishi mumkin. Ayni bir vaqtda sud xususiy ajrim chiqaradi, ushbu ajrim tegishincha yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga yuboriladi.
Sud majlisida tartibni buzgan yoki sudga nisbatan boshqacha tarzda hurmatsizlik qilgan shaxs sud tomonidan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
