91-modda. Davlat boji
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Quyidagilar uchun davlat boji toʻlanadi:
1) daʼvo arizalari;
2) tashkilotlar va fuqarolarni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizalar;
3) nizo predmeti yuzasidan mustaqil talablar qoʻyadigan uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish haqidagi arizalar;
4) yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalar;
5) xoʻjalik sudining hal qiluv qarorlari, shuningdek ish yuritishni tugatish, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish, sud jarimalari solish toʻgʻrisidagi ajrimlari ustidan berilgan appelyatsiya va kassatsiya shikoyatlari;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizalar, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalar;
7) xoʻjalik sudining hakamlik sudi hal qiluv qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi va ijro varaqasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ajrimlari ustidan berilgan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari;
Daʼvo talablari koʻpaytirilganida davlat bojining yetishmayotgan summasi hal qiluv qarori qabul qilinayotganda daʼvoning koʻpaygan summasiga muvofiq undiriladi. Daʼvo qiymati kamaytirilganda toʻlangan boj qaytarilmaydi.
Davlat bojining miqdori, uni toʻlashdan ozod qilish va uning miqdorini kamaytirish qonun hujjatlarida belgilanadi.
Alohida hollarda sud daʼvogarning arizasiga koʻra uning mulkiy ahvoliga qarab, davlat bojini toʻlashni kechiktirishga yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berishga haqli.
