151-modda. Ajrim chiqarish va uning mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi ish koʻrishni keyinga qoldirganda, ish yuritishni toʻxtatib turganda, tugatganda, daʼvoni koʻrmasdan qoldirganda, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda alohida hujjat tariqasida ajrim chiqaradi.
Alohida hujjat tariqasida chiqariladigan ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami, ajrim chiqarilgan sana, sud tarkibi, sud majlisi kotibi, nizo predmeti;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi;
3) ajrim chiqarilayotgan masala;
4) xoʻjalik sudi oʻz xulosalarini chiqarishga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonun hujjatlari;
5) koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa.
Xoʻjalik sudi sud majlisida ishni koʻrayotganida sud muhokamasi davomida hal etilishini talab qiladigan masalalar boʻyicha alohida hujjat tariqasida rasmiylashtirmasdan ajrim chiqarishga haqlidir. Ajrim ogʻzaki eʼlon qilinadi va sud majlisining bayonnomasiga yozib qoʻyiladi. Ajrimda u qaysi masala boʻyicha chiqarilayotgani, sud oʻz xulosasini chiqarishiga olib kelgan sabablar hamda koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa koʻrsatiladi.
