109-modda. Sud buyrugʻini berish tartibi va uni berishni rad etish asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudya sud buyrugʻini ishni sudda muhokama qilmasdan, qarzdor va undiruvchini chaqirmasdan hamda ularning tushuntirishlarini eshitmasdan beradi.
Sudya quyidagi hollarda sud buyrugʻini berishni rad etadi:
1) agar qarzdor bildirilgan talabga rozi boʻlmasa;
2) huquq toʻgʻrisidagi mavjud nizoni taqdim etilgan hujjatlar asosida hal etib boʻlmaydi deb hisoblansa.
Sudya sud buyrugʻini berishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Sud buyrugʻini berishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
Sud buyrugʻini berishni rad etish oʻsha talab boʻyicha umumiy tartibda daʼvo taqdim etish imkoniyatiga toʻsqinlik qilmaydi.
