70-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda u tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda esa, qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, uning oʻzgartirilishi bundan mustasno;
yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
yakka tartibdagi tadbirkorning muomala layoqati belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
litsenziat litsenziya talablari va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni sud yoki bojxona organi belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
bojxona organining litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining gʻayriqonuniyligi aniqlanganda;
litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu modda birinchi qismining oltinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, bojxona organining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Bojxona organining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va bojxona organiga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya bojxona organiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Bojxona organining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziya amal qilishining tugatilishi sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, bojxona organi litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
