71-modda. Litseziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
bojxona organining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarorlari litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish sud qaroriga, litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish hollarida esa, bojxona organi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Bojxona organining litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va bojxona organiga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Bojxona organi yoki sud litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilashi shart. Bunda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan bojxona organi yoki sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida oʻn kun muddat ichida qaror qabul qilishi shart”;
