24-modda. Vaqtincha saqlash
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Vaqtincha saqlash shunday rejimki, bunda olib kirilgan tovarlar va transport vositalari bojxona organiga taqdim etilgan paytdan boshlab chiqarishga ruxsat berilgunga qadar tanlangan rejimga muvofiq bojxona omborida boj, soliqlar va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasdan vaqtincha saqlanadi. Ushbu Kodeksga muvofiq vaqtincha saqlash rejimiga boshqa tovarlar va transport vositalari ham joylashtirilishi mumkin.
Tovarlar va transport vositalarini vaqtincha saqlash rejimiga joylashtirishda qisqa deklaratsiya qoʻllaniladi.
Tovarlarning vaqtincha saqlash rejimida turish muddati ikki oydan oshmasligi lozim, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Vaqtincha saqlash rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan qilinadigan operatsiyalar roʻyxati va ularni amalga oshirish tartibi ushbu Kodeksda belgilanadi.
