25-modda. Bojxona ombori
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona ombori shunday rejimki, bunda olib kirilgan tovarlar saqlash davrida import boji, soliqlar va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasdan bojxona nazorati ostida saqlanadi, eksport rejimida olib chiqishga moʻljallangan tovarlar esa bojxona nazorati ostida ushbu Kodeksning 26-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar berilgan holda saqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtish man etilgan tovarlar hamda roʻyxati qonun hujjatlari bilan belgilanadigan boshqa tovarlar bojxona ombori rejimiga joylashtirilishi mumkin emas.
Tovarlar bojxona ombori rejimida uch yil mobaynida turishi mumkin. Ushbu muddat tovarlarning ayrim toifalari va ayrim shaxslar uchun qonun hujjatlari bilan cheklanishi mumkin, lekin u bir yildan kam boʻlmasligi kerak.
Belgilangan muddat tugagunga qadar tovarga nisbatan vakolatga ega boʻlgan shaxs tomonidan tovarni boshqa bojxona rejimiga joylashtirish soʻralishi kerak. Bu talablarga rioya etilmagan taqdirda, tovar bojxona organiga qarashli bojxona omboriga vaqtincha saqlash rejimiga joylashtiriladi.
Bojxona ombori rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan qilinadigan operatsiyalar roʻyxati va ularni amalga oshirish tartibi ushbu Kodeksda belgilanadi.
