23-modda. Tovarlarni vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtirish mumkin boʻlgan muddat
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Tovarlarni vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtirish mumkin boʻlgan muddat bojxona organlari tomonidan bunday olib kirish (olib chiqish)ning maqsadlari va holatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi va uzaytiriladi, biroq tovarlar bunday rejimda turishining umumiy muddati ikki yildan oshmasligi kerak. Tovarlarning ayrim toifalari uchun qonun hujjatlariga muvofiq ancha uzoqroq muddatlar belgilanishi mumkin.
Tovar belgilangan muddat tugagunga qadar unga nisbatan vakolati boʻlgan shaxs tomonidan bojxona hududidan tashqariga olib chiqilishi yoki u erga olib kirilishi yoxud boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim. Bu talablarga rioya etilmagan taqdirda tovar bojxona organi egalik qiladigan bojxona omboriga vaqtincha saqlash rejimiga joylashtiriladi.
Agar tovarlar halokat oqibatida yoki yengib boʻlmas kuch taʼsirida yoʻq boʻlganligi yoki mutlaqo yoʻqolganligi, tabiiy eskirishi yoki normal tashish va saqlash sharoitida kamayishi tufayli yetishmasligi yoxud chet davlat organlari yoki mansabdor shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga xilof xatti-harakatlari natijasida shaxsning egaligidan chiqib ketganligi Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatiya vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlansa, tovarlarni vaqtincha olib chiqqan va ularni belgilangan muddatda qaytarib olib kirmagan shaxs bojxona organlari oldida javobgar boʻlmaydi.
