22-modda. Vaqtincha olib kirish (olib chiqish)
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) shunday rejimki, bunda bojxona hududida yoki undan tashqarida tovarlardan bojdan, soliqlardan toʻla yoki qisman ozod etilgan holda va tovarlarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasdan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtiriladigan tovarlar oʻzgartirmasdan qaytarilishi lozim, tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlar bundan mustasno.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtiriladigan tovarlarni boj va soliqlar toʻlashdan toʻla yoki qisman ozod qilish qonun hujjatlarida belgilanadi.
Tovarlarni vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtirishga, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ularni qayta olib chiqish yoki qayta olib kirish majburiyati taqdim etilgan, bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan, tovarlarning aynanligi taʼminlangan taqdirda bojxona organining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Vaqtincha olib kirish (olib chiqish) rejimiga joylashtirilmaydigan tovarlarning roʻyxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
